Temir tanqisligi kamqonligi

Kamqonlik dardining kelib chiqishi qator omillarga bog’liq bo’lib, ayniqsa, tanada temir moddasi kamayib ketishi va yetishmasligi natijasida vujudga keluvchi turi salmoqli o’rinni egallaydi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) ma`lumotiga ko’ra, dunyoda 2 milliardga yaqin kishilar kamqonlik kasaliga chalingan. Shundan 1,8 milliard (90 foiz)ini temir tanqis kamqonlik (TTK) tashkil etadi.

Dunyoning barcha mamlakatlarida keng tarqalgan temir tanqis kamqonlik hozirda muammo bo’lib kelmoqda, chunki bu kelajak avlodning sihat-salomatligiga va davlatlarning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga salbiy ta`sir qilmoqda. Jahonning ilg’or mamlakatlari aholisi orasida ham bu xastalik keng tarqalgan.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining ma`lumotlariga ko’ra, qaysi mamlakatlar aholisi orasida 30 foizdan yuqori temir tanqis kamqonlik aniqlangan bo’lsa, ular xavfli guruhga kiritilgan. Agar bu ko’rsatgich ortib borsa, ularda 60 foizga yaqin yashirin temir tanqisligi holati mavjud bo’ladi. Bu esa 90 foiz xavfli guruhlar orasida temir tanqis mavjudligidan dalolatdir. Natijada ularning hammasi bu kasallikning oldini olish chora-tadbirlariga muhtoj bo’ladi, ya`ni 30 foizli ko’rsatgich «Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining xavfli chegarasi» deyiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari qatori O’zbekiston ham temir tanqis kamqonlik keng tarqalgan mintaqa hisoblanadi va sog’liqni saqlash tizimida xizmat qilayotgan turli sohadagi tibbiyot xodimlari – terapevtlar, pediatrlar, akusher-ginekologlar, xirurglar va gematologlar bu kasallikni aniqlash, oldini olish, davolash chora-tadbirlarini amalga oshirishda faol qatnashmoqdalar.

Insondagi temir moddasining mohiyati to’g’risida so’zlasak, bu mikroelement inson organizmi uchun eng kerakli manba bo’lib, murakkab fiziologik jarayonlarda ishtirok etadi va eng muhim vazifalarni bajaradi. Temir moddasisiz inson organizmini tasavvur qilish qiyin. U tanadagi to’qima, suyuqliklar, ko’zga ilg’amaydigan mikromolekulyar oqsillar tarkibida bo’lib, hujayralar membranasining biokimyoviy jarayonlarda ishtirok etishi, hujayralarning nafas olishida faol qatnashishi va to’qimalarda modda almashuvi me`yorini ta`minlashda asosiy, muhim vazifalarni bajaradi.

Odam organizmida 4-5 gramm (4000-5000 milligramm)ga yaqin temir mikroelementi mavjud. Uning 56 foizi eritrositlar (qizil qon tanachalari)da, 30 foizi jigarda, taloqda, suyak ko’migida (ferritin shakli)da, 9 foizi mushaklarda (mioglobin holida), 1-2 foizi qon zardobida, 3-4 foizi teri va boshqa to’qimalarda bo’ladi.
Insonning temir moddasiga bo’lgan ehtiyoji uning jinsi, yoshi, tana tuzilishi va boshqalardan kelib chiqadi. Kuniga odam tanasidan 1-1,2 milligrammga yaqin temir moddasi terlash, tirnoq olish, peshob, najas, soch to’kilishi yoki olinishi natijasida yo’qotiladi. Agar ovqat bilan 1-1,2 milligramm temir moddasi organizm tomonidan o’zlashtirilib, yo’qotilganining o’rni qoplansa, temir tanqisligi rivojlanmaydi.

Temir mikroelementi organizmda asosiy to’rt vazifani bajaradi:

  1. To’qima va hujayralarga eritrositlar orqali kislorod yetkazib beradi.
  2. Mushaklarda kislorodni biriktirib olib, zahira hosil qiladi.
  3. 20 dan ortiq muhim ferment (katalaza, peroksidaza, sitoxrom va hokazo) lar tarkibiga kiradi.
  4. Temirning 1/3 qismi zahirada saqlanadi va ehtiyoj tug’ilganda sarflanadi.

Inson organizmida temir moddasi ikki xil ko’rinishda, ya`ni hujayralar ichida va tashqarisida bo’ladi. Hujayralar ichidagisi – gemoglobin, mioglobin, sitoxrom, peroksidaza, katalaza va boshqalar tarkibida bo’ladi. Xujayralardan tashqarida esa jigar, taloq, suyaklar ko’migida bo’ladi va har xil tizimdagi oqsillar tarkibiga kiradi.
Odam tanasining temirga bir kunlik ehtiyoji 33 milligrammni tashkil qiladi. Bu ehtiyojni odam organizmining o’zi ta`minlay oladi. Bu eritrositlarning taloqda o’lishi va yemirilishidagi fiziologik jarayon mahsuli o’laroq amalga oshiriladi. Retikulyar endotelial tizim (RET) hujayralari ularni yutib yuboradi va shu tariqa qayta organizmga temir moddasi tushadi. Qolgan 2 milligramm temir esa iste`mol qilinayotgan ovqatlar orqali tushadi va o’zlashtiriladi. Shunday qilib, odam organizmi 31 milligramm temir moddasini bir umrga yetkazib berib turadi. Bu muvozanat buzilsa ham temir tanqis kamqonligi kelib chiqadi va rivojlanadi.

Temir tanqisligi va temir tanqis kamqonlikning sabablari nimadan iborat?
Eng asosiy sabablar qatorida: qizlar, ayollarda xayz ko’rishdagi qon yo’qotishlar, bachadon disfunksiyasidagi qon ketishlar, o’sib, ulg’ayib borayotgan yosh bolalarda, o’spirinlarda, emizikli onalarda temirga bo’lgan ehtiyojning ortishi, oshqozon va o’nikki barmoqli ichak, yo’g’on ichaklardagi yallig’lanish va yashirin yaralar hamda tashqi va ichki bavosir tugunlaridan qon ketishi, bolalarda gijjalarni uzoq davolamaslik oqibatlari natijasi o’laroq namoyon bo’lishini e`tirof etish mumkin.

Qo’shimcha qilib kunlik iste`mol qilinayotgan ovqatlarda temir moddasining kam bo’lishi, oshqozon va ichak kasalliklari tufayli temir so’rilishining kamayishi, operasiya tufayli temir so’riladigan asosiy a`zo o’n ikki barmoqli ichakning pastki va ingichka ichakning boshlanish qismlari olib tashlanishi, jigar, taloq, buyrak kasalliklarida a`zolarga temirni yetkazish me`yorida bo’lmasligi, shamollashda zahiradagi temirning ko’p sarflanishi sabablarini ham ko’rsatish mumkin. Kunlik temirga bo’lgan ehtiyoj erkaklarda 1-2 milligramm, hayz ko’radigan ayol va qizlarda 2,5-3 milligramm, homiladorlarda 5-6 milligramm, emizuvchi ayollarda 2,5-3 milligramm, o’smirlarda 2-4 milligramm, bir yoshgacha bo’lgan bolalarda 0,9 milligrammni tashkil qiladi. Shuni qayta ta`kidlash kerakki, o’smir qizlar hayz ko’ra boshlaganida temirga bo’lgan ehtiyoj keskin oshadi (2,5-4mg) va emizuvchi ayollarda ham ikki barobarga oshadi. Ayollarda fiziologik hayz ko’rish jarayonida 40-50 millilitr qon yo’qotiladi. Yo’qotilgan qonni har 2 millilitrida 1milligramm temir moddasi bo’ladi. Agar hayz ko’rish uzoq davom etsa, bu ko’rsatkich va temir moddasini yo’qotish ortib boradi va temir tanqis kamqonlikka asos yaratiladi. Shuning uchun tug’ish yoshidagi ayollar, o’smirlar, bolalarda, emizikli onalarda temirga bo’lgan ehtiyoj kundan-kunga ortib boradi va katta yoshdagi odamlarga nisbatan 5-6 barobar ko’proq, shuning uchun bular temir tanqis kamqonlikning rivojlanishiga moyil, xavfli guruhlarni tashkil qiladilar va ular profilaktik yordamga muhtojdirlar. Temir moddasiga bo’lgan ehtiyoj organizmda to’liq qoplanmasa, temir tanqis kamqonlik rivojlanadi va avj oladi.
Ovqatlar bilan organizmga tushgan temir moddasi 2 ekvivalentli ko’rinishda ingichka ichaklarning boshlanish va o’nikki barmoqli ichakning quyi qismida so’riladi. Bu so’rilishni temir o’z-o’zini boshqarish yo’li bilan amalga oshiradi. Bir kecha-kunduzda inson tanasiga 1-2 milligrammdan ortiq temir so’rilishi kuzatiladi. Shuni ta`kidlash lozimki, ovqatlar qanchalik temir moddasiga kon bo’lmasin, inson organizmi faqat o’ziga kerakli 2-2,5 milligrammdan ortiq temirni qabul qila olmaydi. Qarangki, bu Yaratganning yana bir mo’`jizasidir. Odam organizmida temir moddasiga bo’lgan ehtiyoj ortganda, tanadagi zahira temir ishlatiladi. Agar zahirada temir yetarli bo’lmasa, temir tanqis kamqonligi rivojlanadi.
Sog’lom ona homilaga 300 milligramm temirni beradi, yo’ldoshga esa 200 milligramm temir sarflanadi. Homilador ayol zahirasida temir yetarli bo’lmasa, unda temir tanqis kamqonlik rivojlanishi vujudga keladi. Chunki, sog’lom ona zahirasidagi temir miqdori nafaqat homila davri (9 oy), bolani emizish davri uchun (2 yil) ham bemalol yetadi.
Homilador ayollarda temir tanqis kamqonlik rivojlanishi sababi zahirada avvalroq temir kamayib ketishidir. Shuning uchun ham tug’ish yoshidagi ayollar doimiy shifokor nazoratida bo’lib, profilaktik temirli dorivorlar bilan ta`minlanib turishlari zarur.

Temir tanqis kamqonlikning rivojlanish bosqichlari qanday namoyon bo’ladi?
Temir tanqis kamqonlikning rivojlanishi uch bosqichdan iborat bo’lib:

  1. Yashirin old temir tanqisligi bosqichi, ya`ni zahirada temir miqdori kamayadi.
  2. Yashirin temir tanqisligi bosqichi, ya`ni qon zardobida va hujayralarda temir miqdori kamayadi.
  3. Oshkora bosqichida temir tanqis kamqonlik o’z belgilari bilan rivojlanadi.

Birinchi va ikkinchi bosqichda qonda gemoglobin va eritrositlar miqdori me`yoridan pasaymaydi, uchinchi bosqichda esa ular miqdori me`yoridan pasayib ketadi.
Birinchi va ikkinchi bosqichda temir tanqisligiga xos bo’lgan belgilar va shikoyatlar namoyon bo’lmaydi. Qon zardobidagi temirning kamayishi uzoq vaqt, bir necha oydan, bir necha yilgacha davom etadi.
Agar o’z vaqtida uning oldi olinmasa, unda yashirin, so’ng esa temir tanqis kamqonligi rivojlanadi.
Oshkora davri yoki temir tanqis kamqonlikni o’ziga xos belgilari namoyon bo’ladi va gemoglobin ko’rsatkichi kamayib ketadi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) temir tanqis kamqonlik darajalarini quyidagicha belgilaydi:

  1. Temir tanqis kamqonlikning yengil darajasi, tanadagi gemoglobin miqdori 90g/l gacha bo’ladi.
  2. Temir tanqis kamqonlikning o’rta darajasi, gemoglobin miqdori 90g/l dan 70g/l oralig’ida bo’ladi.
  3. Temir tanqis kamqonlikning og’ir darajasi, gemoglobin miqdori 70g/l dan past bo’ladi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti gemoglobinning inson tanasidagi me`yori quyidagicha bo’lishi kerakligini e`tirof etadi:

  1. Homilador ayollarda 110g/l.
  2. Homilador bo’lmagan ayollarda 120g/l.
  3. 5 yoshgacha bo’lgan bolalarda 110g/l.
  4. 5 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalarda 115g/l.
  5. Erkaklarda 130g/l.


Temir tanqis kamqonlikning belgilari quyidagilarda namoyon bo’ladi:

  • Ta`m sezishning buzilishi: kesak, bo’r, ko’mir, qog’oz, tuxum po’chog’i, xamir, choy shamasi, xom makaron, osh tuzi, tish poroshogi yoki pastasi, kalsiy glyukonat va shunga o’xshash narsalarni iste`mol qilishga rag’bat sezilishi.
  • Hid sezishning buzilishi: benzin, kerosin, aseton, tutun, bo’yoqlar, tamaki, zax tuproq, ba`zi gullar, ko’katlarning hidlariga rujukorlik sezilishi.
  • Tirnoqlarning bujmayib, deformasiyaga uchrashi: tirnoqlar yassilanib boradi, mo’rt, sinuvchan, g’adir-budir, og’ir turlarida «qoshiqsimon» bo’lib qoladi, ayniqsa bu holat bosh barmoqda yaqqol ko’rinadi.
  • Disfagiya, ya`ni yutinishning qiyinlashuvi ham bunga xos belgilardan biri bo’lib, quyuq, qattiq ovqatlarni yutish qiyinlashadi. Tomoq va qizilo’ngachdan ovqat tiqilib, qiyin o’tadi. Bu holat qizilo’ngach shilliq qavatlarining temir moddasi kamayishi natijasidagi dag’allanishi tufayli kelib chiqadi.
  • Terining quruqlanishi va yorilishi: og’iz burchaklari bichilishi, tovon va barmoq uchi terilarining dag’allashib, yorilishi kuchayadi, lab qurib, yorilishi avj oladi.
  • Sochdagi o’zgarishlar: erta oqarishi, to’kilishi, ingichkalashishi, mo’rt bo’lib sinishi, uchki qismining ikkiga ayrilishi, ya`ni sochning «gullash» belgilarida namoyon bo’ladi.
  • Oshqozon-ichak tizimi shilliq qavatlarida atrofik o’zgarishlar paydo bo’lishi: gastrit, duodenit, enterit, gingivit, glossit, stomatit, kolit, o’t va oshqozon osti bezi faoliyatlarining susayishida o’z ifodasini topadi.
  • Uyqusizlik: mudroq bosishi, bosh og’rig’i, xotiraning pasayishi, aqliy faoliyatning susayishi kabi nisbiy holatlar vujudga keladi.

Temir tanqis kamqonlik chuqurlashib, rivojlanib borishi oqibatida bemorlarning ahvoli yomonlashib boradi. Entikish, yurakning tez urishi, issiq va dim havoda hushdan ketish kuzatiladi. Bu esa kasallikning namoyon bo’lgan davridan dalolat beradi.
Oxirgi 20-25 yil ichida temir tanqis kamqonlik dunyoda dolzarb muammoga aylandi. Olimlarning aniqlashlaricha, temir tanqis kamqonlikda miya to’qimalaridagi hujayralar – mielin tarkibidagi fermentlar shikastlanadi (uning shakllanishida temir moddasi ishtirok etar ekan), natijada neyronlar rivojlanishi susayadi, buning natijasi o’laroq bolalarda o’qish qobiliyati, xotirasi pasayadi, aqlan zaif o’sadi. Shuning uchun ham oxirgi vaqtlarda bu kasallik keng tarqalgan hududlarda dunyo bo’yicha aqlan zaif bolalar soni ko’payib bormoqda.

Shuni ta`kidlash lozimki, bolada 2 yoshgacha temir tanqis kamqonlik rivojlanishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Ayni shu davrda bolalarda neyronlardagi mielinning shakllanishi kuchayadi, bu holatni har bir ota va ona bilishi shart.
Shuning uchun ham temir tanqis kamqonligi, organizmda temir tanqislik holatlari, bu oddiy tibbiy muammo emas, balki umumdavlat, kelajak avlodimizning asl muammosidir va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta`sir ko’rsatadi.

Temir tanqis kamqonlikning oldini olish chora-tadbirlari.
Temir moddasi tanqis kamqonlik jahon hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining oxirgi ma`lumotiga ko’ra, yer yuzidagi 20-25 foiz chaqaloqlar, 43 foiz 4 yoshgacha bo’lgan bolalar, tug’ish yoshidagi ayollarning 51 foizi temir tanqis kamqonlikka chalinganlar. Temir tanqis kamqonlikni davolashdan ko’ra, uning oldini olish ma`qul. Kamqonlikning tarqalishi Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining «xavfli chegarasi»dan (30 foiz) oshgan mamlakatlarda milliy miqyosda temir tanqisligi oldini olish chora-tadbirlarini ommaviy olib borish zarur (JSST, UNISEF).
Markaziy Osiyo davlatlarida 1966 yildan kamqonlikka qarshi kurashni birgalikda olib borishmoqda. 1996-1997 yillarda xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda demografik va tibbiy tekshiruvlar o’tkazildi va kamqonlik tarqalish holatlari o’rganildi. Natijada bu mamlakatlarning barchasida ham temir tanqis kamqonlik «xavfli daraja»dan oshib ketganligi aniqlandi.

Olingan natijalar asosida 2001 yildan temir tanqisligi oldini olish maqsadida bug’doy unini temir moddasi bilan boyitish xalqaro dasturi ishlab chiqildi. Mazkur «Dastur» — 2002 yildan boshlab Osiyo Taraqqiyot Banki orqali Yaponiya xalqaro jamg’armasi mablag’lari asosida barcha Markaziy Osiyo davlatlari va Qozog’istonda temir tanqis kamqonlik ko’p uchraydigan hududlarda amalga oshirilmoqda.
O’zbekistonda ham bu dastur Xorazm, Qoraqalpog’iston, Jizzax, Sirdaryo, Farg’ona, Toshkent shahri va viloyatlarda 2005 yildan boshlab amalga oshira boshlandi.

Temir tanqisligi bilan kurashish xalqaro tajribasining quyidagi ommaviy profilaktik turlari mavjud:

  1. Davlat miqyosida oziq-ovqatlarni temir va boshqa mikronutritlar bilan boyitish (fortifikasiyalash).
  2. Qo’shimcha ozuqa (soplementasiya) tariqasida temir preparatlarini profilaktik miqdorda 2-5 yilgacha (berib borish) iste`mol qilish.
  3. Rasional (tartibli) ovqatlanish, ovqatlar tarkibida temir moddasining o’zlashtirishi va so’rilishini ta`minlash.

Xalqaro tajribalar shuni ko’rsatdiki, temir tanqisligining oldini olishda hamma choralar birgalikda olib borilsa, natija tezroq va erta naf berishi mumkin.
Eng to’g’ri yo’l — bu avval soplementasiya (qo’shimcha ozuqa)ni yo’lga qo’yish (2-5 yil mobaynida), keyinchalik esa fortifikasiya va rasional ovqatlanish ikki yo’nalish bilan olib boriladi.

Fortifikasiya (boyitish): 1980 yildan butun dunyoda keng tus olib, jumladan Kanada, AQSh, Yaponiya va Yevropa mamlakatlarida eng ko’p iste`mol kilinadigan mahsulotlar temir moddasi bilan boyitildi.

O’zbekistonda 2004 yildan boshlangan bu jarayon 2008 yilgacha bug’doy unini temir moddasi bilan boyitish tadbirlarini barcha viloyatlarda to’liq amalga oshirish ishlarini nihoyasiga yetkazish maqsad qilib qo’yilgan. Bu Dastur Jahon Banki yordamida amalga oshirilmoqda.

Fortifikant miqdori bir tonna unga 130 grammni tashkil etadi. Fortifikasiya natijasida unning rangi, hidi, mazasi, sifati aslo o’zgarmaydi. Un davlat korxonalarida nazorat asosida boyitiladi va uning narxi o’zgarmaydi. Bu dastur bo’yicha bug’doy unining birinchi navi boyitiladi va fortifikant tarkibida temir yoki vitamin V1, V12, folat kislotasi mavjud bo’ladi.
Tajribalar shuni ko’rsatdiki, 30 kilogramm un iste`mol qilinganda 1800 milligramm temir moddasi organizmga kiradi, bu esa 30 milligramm temir preparatini iste`mol qilish bilan barobar. Sarflangan xarajatlar esa har bir odam boshiga AQSh dollarida hisoblansa, bor-yo’g’i 10-15 sentni tashkil qiladi.

Ushbu dasturning O’zbekistonda samarali natija berishi uchun aholi o’rtasida keng miqyosda targ’ibot ishlarini olib borish lozim. Bunda qishloq vrachlik punkti va ambulatoriyalari tibbiy xodimlari, jamoa va nodavlat tashkilotlari, mahalla faollari, kamolot yoshlar harakati jamoat vakillari targ’ibot va amaliy ishlarda faollik ko’rsatishlari lozim.
Fortifikasiya uzoq muddatli usul bo’lib, uni bir necha yillar mobaynida o’tkazish mumkin. Bu esa aholi tomonidan qo’shimcha xarajatni, ovqatlanish tarkibi va urf-odatlarni o’zgartirishni talab etmaydi. Eng qulay va arzon usuldir. Doimiy ravishda boyitilgan un mahsulotlarini iste`mol etish temir tanqisligi va temir tanqis kamqonlikning oldini oladi. Shu tariqa aholi o’rtasida temir tanqis kamqonlik, temir tanqisligi sezilarli darajada yildan-yilga kamayib borilishiga erishiladi.

Soplementasiya (qo’shimcha ozuqa). Bu usul tezkor bo’lib, ikki yildan so’ng o’z samarasini beradi. Kamqonlikning tarqalishi 2-3 barobarga kamayadi. Aholiga bepul (UNISEF) berilayotgan temir preparatlarini 30 foizini ichishdan aholi bosh tortadilar, sababi o’tib ketadigan yengil asoratlardan qo’rqishadi. Chunki buni joylarda tarqatayotgan tibbiyot xodimlari dorini qanday ichish, qaysi vaqtda ichish va uni o’tib ketadigan asoratlarini yaxshilab tushintirishmaydi, yoxud erinchoqlik qilishadi yoxud malakasi yetishmaydi. Yaxshi tartibga qo’yilgan joylarda esa bu ish samarasini bermoqda. Masalan, Guliston tumani Amir Temur jamoa xo’jaligidagi «Yulduz» mahallasida 2005 yilning iyul oyida Toshkent Vrachlar Malaka Oshirish Institutining Gemotologiya va Transfuziologiya kafedrasi mudiri, professor, akademik S.M.Bahramov viloyat Gematologiya Markazi xodimlari bilan birgalikda aholini chuqur demografik, laborator -biokimyoviy, spektrometrik tekshiruvlaridan o’tkazishlari natijasida 40 foiz kamqonlik aniqlandi. Aniqlangan kasallarga bepul Gemofer, Sobifer-Durules, Ferrosulfat+fol kislotasi dori-darmonlari tarqatildi va targ’ibot, tushuntirish ishlari Yulduz qishloq vrachlik punkti xodimlari bilan birgalikda amalga oshirildi. Natijada, aholi o’rtasida bu dori-darmonlarni ichishda asoratlarning mutloq kamayishi va bemorlarda bu preparatlarga asta-sekin ko’nikish holatlari paydo bo’lganining guvohi bo’ldik. Hozirda ham bu yerda sog’lomlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. 2006 yil boshidan temir tanqis kamqonlikka chalingan bemorlarga homiylar tomonidan 150000 so’mlik Gemofer, Sorbifer-Durules temir dorivorlari tarqatildi. Bu amaliy ishlar viloyat Gematologiya markazini sa`y-harakatlari bilan amalga oshirilmoqda. Sirdaryo viloyatining barcha qishloq va shahar aholisiga UNISEF tashkiloti tomonidan 2005 yil 30 maydan boshlab Ferrosulfat temir preparati tabletka va sirop holida tarqatilgan hamda targ’ibot va o’quv ishlari amalga oshirilgan.

Hozirda viloyat aholisi bu ko’makdan bahramanddirlar. Temir preparatlari qo’shimcha ozuqa sifatida haftasiga bir marta beriladi. «Qo’shimcha ozuqa» kuni deb, haftaning chorshanba kuni belgilangan. Chorshanba kuni respublikamizda kamqonlikka qarshi kurash kuni deb e`lon qilingan. Bu usul Sirdaryo viloyatida 2004 yildan boshlandi va hozirda ham davom etmoqda.

Rasional ovqatlanish. So’nggi yillarda butun dunyoda ovqatlanish tarkiblariga va ularning mohiyatiga jiddiy e`tibor berilmoqda.
Iste`mol qilinayotgan mahsulotlarda temir moddasi, mikroelementlar, biologik plastik oqsillar yetarli darajada bo’lishi kerak. Temir mikroelementi ba`zi ovqatlarda mo’l-ko’l, ba`zilarida kam yoki tanqisroq bo’ladi.
Mahsulotlar tarkibidagi temir miqdoriga ko’ra ikki guruhga bo’linadi:

  1. Ikki valentli temir tutuvchi mahsulotlariga go’sht mahsulotlari kiradi.
  2. Uch valentli temir tutuvchi mahsulotlariga esa barcha o’simlik mahsulotlari kiradi.

Odam organizmida asosan ikki valentli temir so’riladi, uch valentli temir so’rilishi uchun, u avvalo ikki valentli tusga aylanishi zarur. Bunda askorbin kislotasi va boshqa moddalar muhim ahamiyat kasb etadi. Askorbin kislotasini temir moddasini organizmda «ushlovchi-ohanrabo»ga mengzash mumkin. Chunki usiz temir moddasi organizmga so’rilmaydi va yaxshi naf bermaydi. Temir asosan ko’katlar, sabzavotlar, mevalar va poliz mahsulotlarida mavjud. Bijg’ish mahsulotlaridan — achitqilar, qatiq, suzma, ayron ham o’zida kislotalarni tutadi. Ularni qo’shib iste`mol qilish, temir moddasi so’rilishini kuchaytiradi. Askorbin kislotasi 4-5 barobar ko’proq temir so’rilishini ta`minlaydi. Shuning uchun ham ovqatlarni iste`mol qilganda askorbin kislotasini saqlaydigan mahsulotlarni yetarli darajada iste`mol qilib turish maqsadga muvofiqdir. Organizmda temir moddasining so’rilishini pasaytiruvchi omillar ham mavjud, bular choy, kofe, kakao, tuproq, bo’r, kesak kabilardir. Ularning tarkibida tanin moddasi bo’lib, u temirning so’rilishini susaytiradi hamda qarshilik ko’rsatadi. Ayniqsa uch valentli guruhga kiruvchi mahsulotlardagi temirni 70-100 foizgacha so’rilishini pasaytiradi. Lekin xalqimiz ovqat mahsulotlarini iste`mol qilishni choysiz, hozirda kofesiz tasavvur qila olmaydi. Biz choy, kofe ichmang demaymiz. Ammo temir tanqisligida choy, kofe, kakao kabi ichimliklarni ovqatdan 1-2 soat keyin iste`mol qilingani ma`qul. Bu holda u asoratsiz kechadi. Ovqatlanish vaqtida choy o’rniga o’rik sharbati, kompot yoki qaynatilgan suvni iliq holda ichish mumkin. Bolalarga 3 yoshgacha choy ichish man etiladi, hamda qand, shakar bermaslik tavsiya etiladi. Chunki bola organizmi ularga muhtoj emas, ehtiyoj ham yo’q. Zarari esa beqiyosdir. Shunga qaramay ba`zi ota-onalar buning aksini qiladilar. Bu holat olimlarimiz va Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan o’rganilgan va tasdiqlangan.
Temir tanqis kasalliklarda tartibli, kamdan-kam 5-6 mahalgacha ovqatlanish tavsiya etiladi, iste`mol qilish hajmi o’rtacha bo’lishi va to’yib ovqat yemaslik lozim. Bu fikrni qadimda bobomiz, tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino ham aytib o’tgan va maslahatlar bergan.

Tez-tez va kam-kam ovqatlanib turilsa, oshqozon ichak tizimi yaxshi ishlaydi, temir moddasini so’rilishi esa ortib, kamqonlik holati kamayib boradi. Bizning o’lkamizda meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, quruq mevalar, ko’katlar juda mo’l bo’lishiga qaramasdan, aholi ularni juda kam iste`mol qiladi.

Non, don mahsulotlari, yormalar, kartoshka, un mahsulotlari makaron, vermishel va boshqalar kundalik ovqatlanishning asosini tashkil qilishi kerak. Bu mahsulotlarni aholi ko’p iste`mol qilishi lozim. Chunki, insonning bir kunlik energiyasining yarmini ana shu mahsulotlar tashkil qiladi. Bundan tashqari bularda oqsil, kraxmal, ozuqaviy tola, vitamin, mikroelementlar mavjud bo’lib, ular bebaho ozuqa manbaidir. Kartoshka va un mahsulotlari odamni semirtiradi, degan fikr noto’g’ri. Agar ularga yog’ mahsulotlari qo’shib tayorlanmasa, ular semirishga olib kelmaydi. Ushbu mahsulotlar har kuni 6-11 porsiyada iste`mol qilinib turilishi lozim.

Quruq mevalar, sabzavotlar, baliq mahsulotlari kuniga 400 grammdan kam bo’lmasligi kerak. Ularni 5-9 porsiyada iste`mol qilish lozim.

Quruq mevalardan: o’rik, shaftoli, gilos, olma va behi qoqi tarkiblarida temir moddasi biologik saqlanishi buzilmagan holda bo’ladi. Ularni kompot, sharbat, damlama holida iste`mol qilish juda foydalidir. Saqlangan olma, nok va boshqa mevalarda temir mikroelementi biologik xususiyatlarini yo’qotadi, ular nafsiz mahsulotlarga kiradi. Bu mevalarni pishgan davridan boshlab 1 oy ichida iste`mol qilinsa foydasi bo’ladi.
Go’sht, baliq va dukkakli mahsulotlar oqsil va temir mikroelementining manbaidir. Ularni birgalikda iste`mol qilish temir so’rilishini yaxshilaydi. Dukkaklilarga mosh, no’xat, oq va qizil loviyalar kiradi. Bularni kuniga 1-3 porsiyada iste`mol qilish kerak. Go’sht mahsulotlari porsiyada 50 grammdan kam bo’lmasligi lozim.

Sut mahsulotlarini yog’sizlantirilgan holida iste`mol qilish maqsadga muvofiqdir. Chunki shunda u ortiqcha semirishga olib kelmaydi. Ular tarkibida kalsiy, vitamin A, D, B guruhlari bo’ladi. Kalsiy tishlarni, suyaklarni rivojlanishida muhim ahamiyat tkasb etadi. Bolalar, homilador, emizikli ayollarda kalsiyga bo’lgan ehtiyoj ortadi. Shuning uchun ham ular har kuni 2-3 porsiyada sut mahsulotlarini iste`mol qilib turishlari kerak. Qariyalarda ham kalsiyga bo’lgan ehtiyoj ortadi, chunki ularning suyaklari mo’rt bo’lib qoladi, ular ham muhtoj guruhga kiradi. Kundalik porsiyada 200 millilitr sut, qatiq, ayron, 45 gramm pishloq, 250 gramm tvorog, suzma, 4-5 dona qurt bo’lishi kerak va har kuni 2-3 mahaldan iste`mol qilinib turilishi shart.

Shakar va yog’ mahsulotlarini iste`mol qilishda ularning miqdoriga, hajmiga e`tibor berish kerak. Agar har kuni go’sht, sut mahsulotlari yetarli darajada iste`mol qilib turilsa, organizmning yog’ga bo’lgan ehtiyojini qoplaydi. Shakarda oziqlantiruvchi moddalar juda kam, shuning uchun ovqatlanishdan olib tashlansa, bu organizmga hech qanday ta`sir qilmaydi. Afsuski, shakar «quvvat» beradi, qonni ko’paytiradi deguvchilar aholi o’rtasida ko’pchilikni tashkil qiladi. Ko’p onalar chaqaloqlik davridan bolalarni shakar, qandga o’rgatadilar. Bu esa ular orasida semirish, allergiya, diatez, qandli diabet, gijja kabi kasalliklar rivojlanishiga manba yaratadi va ularda immunitet pasayib borib, yuqumli kasalliklarga tez-tez chalinadigan bo’lib qolishadi. Xullas, inson organizmiga kamqonlik davrida shakarning keragi yo’q. Zero, shirinliklar deyarli barcha tabiiy mahsulotlar tarkibida mavjud. Bu mevalar, poliz mahsulotlari, sharbatlar va tabiiy asaldir. Bu guruhdagi mahsulotlarni 2-3 porsiyada iste`mol qilib turish zarur. Yosh bolalarda temir tanqisligining oldini olishda ko’krak sutini ahamiyati juda katta. Ko’krak sutida temir moddasi yetarli miqdorda so’rilishi sigir sutidan bir necha barobar yuqoridir. Shuning uchun ham onalarga 2-3 yoshgacha bolalarni emizish tavsiya etiladi. Agar benazir ne`mat bo’lgan ona sutidan go’dak ma`lum sabablarga ko’ra mahrum bo’lsa, yoxud onaning o’zi kamqonlikdan aziyat cheksa, bir yoshga yetgach, qo’shimcha ovqatlar, jumladan go’sht, baliq, meva sabzavot sharbatlari va yormalar berib borish zaruriyat tug’ilishi mumkin. Demak, fortifikasiya, soplementasiya, rasional ovqatlanishni to’g’ri tashkil etish, temir tanqisligi va temir tanqis kamqonlikning oldini olishda asosiy manbalardandir.
Hozirgi kunda viloyatimizda temir tanqis kamqonlikni aniqlash, oldini olish, davolash va dispanser kuzatuv nazorati yo’lga qo’yilgan. Joylarda qishloq vrachlik punkt va ambulatoriya shifokorlariga «kamqonlikni aniqlash, oldini olish va davolash» to’g’risidagi o’quv qo’llanmalar tarqatilgan, ular shu qo’llanma asosida ish olib boradilar. Kelajakda aholimiz orasida kamqonlikni 2-3 barobar kamaytirish imkoniyatlari mavjuddir. Temir tanqis kamqonlikning yengil, o’rta va og’ir darajalarini ba`zida faqat ovqatlanish bilan davolab bo’lmaydi. Eng avvalo imkoniyatga qarab kamqonlikning sabablari va har xil holatlarini o’rganib chiqishga, fikr-mulohaza qilishga to’g’ri keladi. Kundalik ovqatlarda har kuni 15-20 milligrammga yaqin temir moddasi boyitilgan taqdirda ham, organizmga faqat uning 5-8 foizigina so’riladi, xolos. Bu esa organizmning temirga bo’lgan ehtiyojini qondira olmaydi. Shuning uchun ham temirga boy dori-darmonlarni ishlatish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Temir tanqis kamqonlikning yengil, o’rta va og’ir darajalarini davolash uch bosqichda olib boriladi: Birinchi bosqichda, organizmda gemoglobin va eritrositlarning miqdori me`yoriga kelgancha, ikkinchi bosqichda, organizmda temir zahirasi to’lguncha va uchinchi bosqichda kasallik qaytalanishiga sabablar va moyillik holatlari paydo bo’lmasligiga yo’naltiriladi. Birinchi va ikkinchi bosqichda davo bemorlar uyi, qishloq vrachlik punkti va ambulatoriyalari hamda kunduzgi shifoxonalarda o’tkaziladi. Uchinchi, og’ir darajalari esa yotadigan shifoxona, terapiya, gemotologiya bo’limlarida davolanadi. Bu holda ovqatlanish tartiblari va davolash jarayoni vrach nazoratida bo’lib, samara beradigan darajada olib borish talab etiladi.

Temir tanqis kamqonlikda Gemofer, Tardiferon, Geno-tardiferon, Sorbifer-Durules, Ferramid, Ferro-Gradulemet, Ferrovit, Ferroplekt, Ferropleks, Fenyuls, Ferrum-Lek, Maltofer, Totema, Ferronat, Vinofer, Aktiferrin, Ferretab, Ferronal-35, Xeferol, Bebetardiferon, Ferroseron, Ferrofol, Apofer kabi o’zida temir saqlaydigan temir preparatlari ishlatiladi. Bizning Gemotologiya markazidagi 30 yillik kuzatuvimizda Gemofer, Geno-tardiferon, Tardiferon, Ferrum-Lek, Vinofer, Totema, Ferropleks, Ferroplekt, Apofer, Maltofer, Sorbifer-Durules, Ferronat kabi temir preparatlari bemorlarga ishlatilganda juda yaxshi naf berishi kuzatildi.

Bemorlarning sog’ayib ketishida, eng avvalo ulardan tibbiyot xodimlari, davolovchi shifokorlarning ko’rsatmalarini bekamu-ko’st bajarib borishlari, turmush tarzini yaxshilashlari, ruhan tetik bo’lishlari bu kasallikdan batamom tuzalib ketishlariga imkoniyat yaratadi.

Hoji Abdurazzoq AVAZ,
Sirdaryo viloyat SSB Bosh gematologi
Har qanday holatda ham avval shifokor bilan maslahatlashishni unutmang!
Manba >>>tib.uz

Об авторе Uzmed.zn.uz

Администратор сайта http://uzmed.zn.uz
Запись опубликована в рубрике Dietologiya, Gematologiya, Go'zallik va Salomatlik, Oila Tibbiyoti, Ona va Bola Salomatligi, Parhez Retsept O'lchov, Pediatriya, Shifokor Tavsiyasi, Sog'lom Turmush Tarzi, Terapevtik, Tibbiy Maqolalar, Tibbiy Ommaviy Maqolalar с метками , , , , , , , , , , , . Добавьте в закладки постоянную ссылку.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *


*

Можно использовать следующие HTML-теги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>